Mundarija

Ta’sirchan taqdimot yaratish uchun nimalar muhim?

/uploads/taqdimot_9.jpg

O’qish davrida yoki ish faoliyatini boshlaganimizda eng kerakli ko’nikmalardan biri – taqdimot yaratishni o’rganish desak mubolag’a bo’lmaydi. Ta’sirchan taqdimot (ya’ni prezentatsiya) yaratish uchun amerikalik professor Andrew Abelani “Ekstrim Taqdimot” usulidan foydalanishimiz mumkin.

Taqdimot yaratishdan oldin quyidagi savollarga javob topilsa, uni ustida ishlashga ketgan vaqtimiz samarali sarflanadi.

/uploads/the-extreme-presentation-method.png
Ekstrim Taqdimot usuli 10 ta elementdan tashkil topgan.

Taqdimot tinglovchilari

Mening auditoriyam kimlar va ularning taqdimotdagi ehtiyojlari nimada? Tinglovchilarning yoshi, mutaxassisligi, qiziqishlari va taqdimot joyi kabi faktorlar uning uslubini to’g’ri tanlashda yordam beradi.

Taqdimot maqsadi

Taqdimotdan ko’zlangan maqsad nima? Tinglovchilar taqdimotdan oldin shu mavzu bo’yicha o’y-fikrlari va amallari qanday edi? Taqdimotdan so’ng ularning fikrlari va amallari qanday bo’lishi kerak? Qaysi eng asosiy g’oyani tinglovchilar bilan ulashmoqchiman va uni evaziga o’zim nima olmoqchiman? Odatda tinglovchilarga taqdimot boshida nima haqida gapirmoqchiligingizni, keyin o’rtada shu fikrni gapirib, uning oxirida yana xuddi shu fikrni ta’kidlab yakunlashni maslahat beriladi.

/uploads/taqdimot_1.png
Taqdimot maqsadi

Taqdimot mavzusi

Tinglovchilar nega o’z vaqtlarini aynan mening taqdimotim uchun ketkazishlari kerak?Ularni taqdimotim nimasi bilan o’ziga jalb eta oladi?

/uploads/taqdimot_6.png
Taqdimot mavzusi

Taqdimot jarayoni

Taqdimotimni uzoqligi qanday bo’ladi? Nechta slaydlar kerak bo’ladi? Uni qanday boshlayman va olib boraman? Savollar qachon berilishi mumkin?

Shundan so’ng taqdimotni tuzilishini o’ylab ko’rsak bo’ladi: buning uchun tinglovchilar uchun tayyorlangan asosiy g’oyani mantiqiy bo’laklarga bo’lib hikoya shaklida yoritish mumkin.

/uploads/taqdimot_2.png
Taqdimot tuzilishi

Misol uchun, avtomashinani haydash haqida taqdimot tuzilmasi:

/uploads/taqdimot_3.png
Taqdimot tuzilishi

Tinglovchilar ma’lumotni qanday qabul qilishlari muallif o’z fikrini qanday bayon qilishga ham bog’liq bo’ladi.

/uploads/taqdimot_4.png
Taqdimotda firkni yetkazish

Slaydlar sonini taqdimotni davomiyligiga qarab iloji boricha kamroq qilish, ularda multimedia fayllaridan (rasm, video, musiqa) foydalanish va (oynani oldida turib) yetarlicha tayyorgarlik ko’rish hikoyani tinglovchilarga aniq yetkazib berishni osonlashtiradi.

/uploads/slayd-turini-tanlash.png
Infografika taqdimot uchun slayd turini to’g’ri tanlashga yordam beradi.

/uploads/diagramma-turlari-1.png
Diagramma turini to’g’ri tanlash uchun ushbu infografikadan foydalanish mumkin.

/uploads/taqdimot_10.jpg
Auditoriya bilan interaktiv aloqa qilish mumkin.

Taqdimotlar tajribada qancha ko’p qo’llanilsa, odamda o’ziga bo’lgan ishonchi va mahorati shunga yarasha oshib boraveradi. Shu qatorda taqdimot qiluvchiga to’g’ri qo’llanilgan o’zini non-verbal harakatlari tinglovchilar bilan “bog’lanish”ga va ularni bayon qilinayotgan fikrlarga ishontirishga yordam beradi. Misol uchun quyidagilarni keltirish mumkin:

  • Ko’zni auditoriyadagi tinglovchilarga qaratib gapirish;
  • Sahnada bemalol yurib harakatlanish va taqdimotni qismlarini turli nuqtalardan bayon qilish;
  • Gavdani tik va qo’llarni ochiq tutish;
  • Joyida jilmayish, boshni qimirlatib tasdiqlash, imo-ishoralarni qo’llash;
  • Xavotirlanganda yoki qiyin savollar berilganda chuqur nafas olish.

/uploads/taqdimot_5.png
Taqdimot usuli

Taqdimot tayyorlashda ko’p uchraydigan xatolar

Xato 1. Sizning auditoriyangiz xuddi o’zingiznikiga o’xshash shaxsiyatga ega va muloqot qilish usulini afzal ko’radigan insonlardan tashkil topgan deb taxmin qilinishi. Agar mavzuni chuqur yoritish uchun 50 ta tafsilotlarga to’la slaydlar tayyorlansa, tinglovchilarning ichida ko’proq kontseptual o’ylaydiganlar bo’lsa, 11-chi slaydni o’zidayoq ular prezentatsiyadan “uzilib” qolib mobil telefonga tikilishni yoki yonidagi inson bilan gaplashishni boshlashlari mumkin. Yoki, taqdimotni boshidayoq keyingi qadamlar va xulosalarni keltirsangiz, auditoriyda o’tirgan nisbatan ehtiyotkorroq bo’lgan insonlar fikrlaringizda shoshqaloqlikni ko’rib sizning takliflaringizga qarshi chiqishlari mumkin. Agar ular auditoriyadagi qaror qabul qiluvchilar bo’lishsa, ushbu xato sababli muammo vujudga keladi.

Xato 2. Taqdimotchi nimani maqsad qilayotgani nuqtai nazaridan taqdimot maqsadlarini belgilanishi. Prezentatsiyani maqsadi faqat siz nima qilishingizni ko’rsatish bo’lishi kerak emas. Tinglovchilar taqdimotdan so’ng xonadan chiqib ketayotganda ularning berilgan mavzudagi oldingi fikrlari va amallari qanday o’zgarishi xaqida bo’lishi kerak. Agar prezentatsiyadan so’ng bunday natijaga erishilmasa, nega siz ularning va o’zingizning vaqtingizni bekor bo’lishiga sababchi bo’lmoqdasiz?

Xato 3. Taqdimotda e’tiboringizni faqat sizning tinglovchilaringizdan nimani xohlashingizga qaratilishi. Prezentatsiyani tayyorlashga vaqt va resurslarimizni sarflashdan maqsad ko’pincha biror mahsulotni, g’oyani yoki ko’nikmani biror auditoriyadagilarga sotish bo’lishi mumkin. Lekin shu taqdimotga kelib sizni eshitishlari uchun ularda qanday sabab bo’lishi kerak? Yagona sababi – shu insonlar o’zlarining hayotlarida uchragan turli muammolar uchun yechim xaqida ma’lumot olishga umid qiladilar. Agar siz ularning e’tiborini jalb qilmoqchi va uni ushlab turmoqchi bo’lsangiz, butun diqqatingizni prezentatsiya davomida ularning muhim muammolarini hal qilishga yo’naltiring.

Xato 4. Taqdimot faqat sizning tavsiyangizni tasdiqlovchi dalillarni o’z ichiga olishi. Empirik tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, agar prezentatsiyada o’zimizni tavsiyamizga qarshi boshqa fakt va dalillarni ham ko’rsatsak va ularni ehtiyotkorona birma-bir rad qilsak, auditoriya tomonidan o’zimizga va takliflarimizga nisbatan ko’proq ishonch paydo bo’ladi. Advokatlar buni “momaqaldiroqni o’g’irlash” deb atashadi: agar biror e’tirozni birinchi bo’lib o’zingiz bildirsangiz, auditoriyadagi tinglovchilaringizning xuddi shu e’tirozi nisbatan kamroq kuchga ega bo’ladi.

Xato 5. Ma’lumotlarni o’zingiz uchun mantiqiy bo’lgan tartibda taqdim etilishi. Odatda taqdimotchilar materiallarni o’zlari uchun mantiqiy bo’lgan tartibda joylashtiradilar. Masalan, oldin kirish qismi, keyin loyiha haqida ma’lumotlar, keyin amalga oshirilayotgan o’zgarishlar va hokazo. Bu tinglovchilar uchun juda zerikarli bo’lishi mumkin. Shuning uchun prezentatsiyani hammaga qiziq bo’lgan muammo bilan boshlash zarur, keyin yechimi bo’yicha o’z takliflaringizni berganingiz ma’qul. Slaydlarda keyingi qadamni aniqlash uchun ushbu savolga javob berib ko’ring: “Prezentatsiyamni hozir tugatsam, auditoriyadan berilgan taqdimot haqida birinchi e’tiroz nima bo’lishi mumkin?”. Birinchi e’tirozga keyingi slaydda javob berib, savolni yana qaytarish mumkin. Shu tarzda taqdimotni ketma-ketligini o’zingizga yoqqan holda emas, auditoriya eshitishni xohlagan ketma-ketlikda tayyorlasa bo’ladi.

Xato 6. Taqdimotni professional ko’rinishga keltirish uchun rang, tovush va klipartlardan foydalanilishi. PowerPointda ishlatiladigan qo’shimcha vizual bezaklarning foydalanilishi sizni professionallik darajangizni yuqoriroq ko’rsatishi mumkin. Ammo, bu sizning auditoriya bilan muloqotingizga zarar yetkazadi. Ilmiy tadqiqotlar ham quyidagi xulosaga kelishgan: har qanday qo’shilgan rang, tovush yoki rasm sizning slaydingizdagi xabarni to’g’ridan-to’g’ri kuchaytirmaydi. Aksincha, bu sizning tinglovchilaringizni ushbu xabardan chalg’itadi.

Xato 7. Slaydlardan ko’rsatma (shpargalka) sifatida foydalanilishi. Ba’zida slaydlardagi ma’lumotlar auditoriya uchun emas, balki ma’ruzachining manfaati uchun tayyorlanganligi ko’rinib qoladi. U slaydlardagi matnni ovozi bilan o’qishni boshlaydi, auditoriya ham ichida o’qiydi. Natijada, ovoz bilan matn raqobat qilishni boshlashadi va yetkazilmoqchi bo’lgan ma’lumotlar shu “shovqin”da o’z ta’sirchanligini yo’qotadi. Aslida esa, vizual (grafik) ma’lumotlardan ifoda etilayotgan fikrlarni qo’llab-quvvatlanilishi uchun foydalanish kerak. Shuning uchun, slaydda ko’proq grafik va kamroq matn ishlatilganda, ovoz bilan birga slaydni asosiy mazmunini kuchaytirish mumkin.

Postni oxirida foydalanilgan ma’lumotlar hamda taqdimot uchun tayyor shablonlarni yuklab olish mumkin bo’lgan ushbu vebsaytlar ro’yxati keltiriladi: