5S tushunchasi va uning amaliyotda qo'llanilishi

Tejamkor ishlab chiqarish* instrumentlaridan biri sifatida 5S nafaqat ish joyini tartibga solishda, balki ish unumdorligi, xavfsizligi va sifatini oshirish hamda umumiy xarajatlarni kamaytirish uchun ham qo’llaniladi. 5S tushunchasi yapon tilidan kelib chiqqan bo’lib, quyidagi 5 ta so’zning qisqartmasidir:

  • Seiri (Saralash)
  • Seiton (Tartibga keltirish)
  • Seiso (Tozalash)
  • Seiketsu (Standartlashtirish)
  • Shitsuke (Barqarorlashtirish)

* Ingliz tilida “lean manufacturing”, rus tilida “бережливое производство”

Seiri bosqichida ish joyidagi barcha buyum va jihozlar kundalik ishda zarur va zarur bo’lmaganlariga ajratiladi. Buning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • Buyumlar sonini kamaytirish orqali ularni qidirishga ketadigan vaqt isrofini qisqartirish
  • Ishdan chalg’ish imkoniyatlarini kamaytirish
  • Ish joyini vizual nazoratini osonlashtirish
  • Ortiqcha ashyolarni olib tashlash hisobiga foydali ish maydonini kengaytirish
  • Kerakli narsalarga to’sqinlik qiluvchi buyumlarni bartaraf etib, ish joyi xavfsizligini oshirish

Qo’llanilishi: Ish joyidagi barcha buyumlar sinchkovlik bilan tekshiriladi va ularning joylashuvi foydali yoki keraksizligi baholanadi. Keraksiz narsalarni iloji boricha tezroq olib tashlaniladi. Darhol olib tashlash imkoni bo’lmagan buyumlar “qizil yorliqlar” bilan belgilanib, keyinchalik olib tashlash osonlashtiriladi. Ishlab chiqarish uchun zarur materiallardan tashqari, ish maydoni boshqa materiallardan tozalanishi lozim.

Seiton bosqichida saralangan barcha jihozlar uchun ish joyida optimal joylashuv aniqlanib, belgilanadi. Bu esa xodimlarning kerakli buyumlarni tez topishiga yordam beradi va ish jarayonini sezilarli darajada yengillashtiriladi, xodimlarning unumdorlik ko’rsatkichi oshadi.

5S ni qo’llanilishiga misol
5S ni qo’llanilishiga misol

Qo’llanilishi: Ish dastgohlari joylashtirilayotganda, zarur asbob-uskunalar va jihozlar bir-biriga yaqin, ishlatish chastotasiga qarab mantiqiy tartibda joylashtirilsa, xodimlar uchun qulay bo’ladi. Masalan, tez-tez ishlatiladigan buyumlarni ish dastgohiga eng yaqin, topish va olish oson bo’lgan joyda saqlash maqsadga muvofiq. Belgilangan joylar rangli etiketkalar va belgilar bilan ta’kidlanib, ishlatilgan jihozlarni to’g’ri joyiga qaytarish va yo’qolgan buyumlarni aniqlash osonlashadi.

Seiso ish joyi, barcha dastgohlar va jihozlarni doimo toza saqlashni nazarda tutadi. Bu oddiy tuyulsada, dastlab unga muntazam amal qilish ko’proq e’tibor talab qilishi mumkin. Tozalash jarayonida jihozlarni tekshirish ulardagi nosozliklarni o’z vaqtida aniqlash va bartaraf etish imkonini beradi.

Qo’llanilishi: Tozalash kundalik ishning ajralmas qismiga aylanishi kerak. Bunga javobgar shaxslarni tayinlash, tozalash jadvalini tuzish va xodimlarni kerakli tozalash vositalari bilan ta’minlash yordam beradi.

5S turli ish joylarida
5S ishlab chiqarishda

Seiketsu bosqichida yuqorida aytib o’tilgan 3 ta S-ga tegishli jarayonlar standartlashtiriladi. Ularni amalga oshirish uchun aniq protseduralar ishlab chiqiladi va ularning qo’llanilishini nazorat qilish maqsadida muntazam auditlar o’tkaziladi. Protseduralarni xodimlar uchun tushunarli qilish uchun vizual ma’lumotlar va ish joyi treninglaridan foydalanish samarali usul hisoblanadi.

5S turli ish joylarida
5S ofisda

Shitsuke bosqichi amalga oshirilgan jarayon takomillashtirishlarining barqarorligini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlarni o’z ichiga oladi. Bunga auditlar, treninglar va ijobiy rag’batlantirish kabi usullar kiradi.

5S tizimini joriy etish va rivojlantirish orqali korxonalar quyidagi natijalarga erisha oladi:

  • Ish unumdorligi va sifatining oshishi
  • Xavfsizlik darajasining yaxshilanishi
  • Xarajatlarning kamayishi
  • Xodimlar kayfiyati va motivatsiyasining oshishi
  • Mijozlar mamnuniyatining ortishi

Shuni ta’kidlash lozimki, 5S tizimining muvaffaqiyati unga barcha xodimlarning jalb qilinishi va rahbariyat tomonidan qo’llab-quvvatlanishiga bog’liq. Doimiy takomillashtirish madaniyatini yaratish va 5S tamoyillariga sodiqlik har bir xodimning kundalik vazifasiga aylanishi kerak. Bunday yondashuv orqaligina 5S tizimi o’zining to’liq samarasini beradi va korxonaning uzoq muddatli muvaffaqiyati uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Telegram kanal
Agar ushbu maqola sizga foydali bo’lgan bo’lsa, uni hamkasblaringiz va do’stlaringiz bilan ulashing. Tejamkor ishlab chiqarish, loyiha boshqaruvi, ta’minot zanjirlari, samaradorlik va shaxsiy rivojlanish mavzularida ko’proq ma’lumot olish uchun bizning “Microblog” Telegram kanalimizga a’zo bo’ling.

O'xshash maqolalar