Ishlab chiqarishdagi 8 ta yo’qotish turlari

Bugungi tez o’zgarayotgan tadbirkorlik muhitida samaradorlik va unumdorlik muvaffaqiyat kalitidir. Talabchan mijozlarning ehtiyojini qondirish, qisqa muddatli buyurtmalarni o’z vaqtida bajarish va yuqori sifatli mahsulotlarni yetkazib berish bosimi ortib borayotgan bir paytda, ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatish jarayonlaridagi samarasizliklarni bartaraf etish har qachongidan ham muhimroqdir. Ushbu maqolada tejamkor ishlab chiqarishning 8 ta yo’qotish turlari va ularni oldini olish haqida qisqacha ma’lumot beriladi.
Tejamkor ishlab chiqarishda keng qo’llaniladigan tushunchalardan biri faoliyat turlariga tegishlidir. Iste’molchi nazaridan qaraganda barcha faoliyatlarni 3 turga bo’lsa bo’ladi:
- Qadr-qiymat qo’shadigan faoliyatlar. Qiymat deganda kutilgan yoki ortig’i bilan ko’rsatilgan sifat, ishonchli xizmat va to’g’ri narxni tushunsa bo’ladi.
- Qard-qiymat qo’shmaydigan faoliyatlar. Resurslarni iste’mol qiladigan, lekin iste’molchiga qiymat yaratmaydigan va agar to’xtatilsa, ularga ko’rinmaydigan faoliyatlar kiradi.
- Zarur lekin qadr-qiymat qo’shmaydigan faoliyatlar. Masalan, qonunlarga rioya qilish va ishni yurgizish uchun kerak bo’lgan xizmat litsenziyalari yoki mahsulot sertifikatlari shular jumlasidandir.
Misol uchun, soliqlarni bankka borib to’lab kelmoqchi bo’lsak, faqat tranzaktsiya uchun ketadigan vaqt (2 daqiqa deylik) iste’molchiga qadr-qiymat qo’shadi, qolgan avtoulovda yo’lga, bankda navbatda kutishga va uyga qaytishga ketadigan vaqtlar (40 daqida deylik) iste’molchi uchun qadr-qiymat qo’shmaydi.
Qadr-qiymat qo’shmaydigan faoliyatlarga o’z navbatida 8 ta yo’qotish turlari kiradi:
- Defektlar (defects)
- Kutish (waiting)
- Transportirovka (transportation)
- Harakatlanish (motion)
- Xom ashyo, mahsulot va uskunalarni saqlash (inventory)
- Ortiqcha ishlab chiqarish (overproduction)
- Me’yoridan ortiq ishlov berish (overprocessing)
- Foydalanilmagan bilim, ko’nikma va iste’dod (skills)
Tejamkor ishlab chiqarish bo’yicha ingliz tilidagi adabiyotlarda shu yo’qotish turlariga tegishli so’zlarning birinchi harflaridan tashkil topgan TIMWOODS degan qisqartma keng qo’llaniladi.
Defektlar
Mahsulot defektlarini yoki xizmat kamchiliklarini qayta ishlashga ketgan vaqt va xatti-harakatlar umumiy daromadga to’g’ridan-to’g’ri salbiy ta’sir ko’rsatadi. Chunki sifatsiz mahsulot yoki bajarilgan xizmat mijozlarning shikoyatlariga, mahsulotni qaytarilishiga, uni tuzatilishi uchun ortiqcha harajatlarga, uzoq kutishlarga va keyinchalik mijozlarni ham yo’qotilishiga olib kelishi mumkin. Bunday salbiy holatlarni kamaytirish uchun ishlab chiqaruvchilar asosan sifat nazorati jarayonlarini amalga oshirishlari va sifatsiz mahsulot mijozga yetib borishidan oldin ularni aniqlash va tuzatish tartib-qoidalarini joriy qilishlari kerak bo’ladi.
Kutish
Kutish yo’qotishlariga ishlab chiqarish jarayonining keyingi bosqichini kutish uchun sarflangan har qanday vaqt kiradi. Stanokni tayyor bo’lishini kutayotgan yoki xom ashyolarni kelishini kutayotgan ishchi bunga misol bo’lishi mumkin. Bu kutish vaqti unumdorlikni pasaytiradi va ishlab chiqarish jarayonidagi kechikishlarga olib keladi. Bu turdagi yo’qotishlarni kamaytirish uchun ishlab chiqaruvchilar resurslardan foydalanishni rejalashtiradigan tizimni joriy qilishlari va zarur bo’lganda xom ashyolar tayyor bo’lishini ta’minlashlari kerak bo’ladi.
Transportirovka
Bu turdagi yo’qotishlarga xom ashyolar, mahsulotlar yoki materiallarning kerak bo’lmagan ortiqcha harakatlanishlari kiradi. Misol uchun, qurilish mollari ishlab chiqaruvchi korxona o’z omboridan mijozlar joylashgan joyga mahsulot yetkazib berishi kerak bo’lsin. Agar korxona mahsulotlarni optimal bo’lmagan marshrut orqali yoki yo’lda bir nechta to’xtash joylari bilan jo’natadigan bo’lsa, bu mahsulotni haddan tashqari qo’ldan-qo’lga o’tib uning sifatiga ziyon yetkazishiga, qo’shimcha transport xarajatlariga va yetkazib berish muddatini uzaytirishiga olib kelishi mumkin. Transportirovka yo’qotishlarni kamaytirish uchun korxona o’zining yuk tashish yo’nalishlari va jarayonlarini qayta ko’rib chiqishi, mahsulotni mijozga tez va tejamkor qilib yetkazib berishning samarali yo’llarini topishi kerak.
Harakatlanish
Harakatlanish turdagi yo’qotishlar yakuniy mahsulotga qiymat qo’shmaydigan har qanday keraksiz harakat yoki jismoniy faoliyatni o’z ichiga oladi. Bunga ortiqcha yurish, ko’tarilish, bukilish yoki egilish, yaxshiroq jihozlar yoki jarayonlar bilan tartibga solinishi mumkin bo’lgan harakatlar kiradi. Misol beradigan bo’lsak, tsehda ishlaydigan xodimning asbob yoki materialni bir cho’zilganda qo’li yetib olib ishlata olish o’rniga doimo qo’shimcha jismoniy harakatlanishlarga majbur bo’lishini keltirish mumkin. Bu esa o’z navbatida vaqtni yo’qotilishiga, unumdorlikni pasayishiga va ishchining sog’lig’i shikastlanish xavfini oshirishiga olib kelishi mumkin. Bu turdagi yo’qotishlarni kamaytirish uchun ishlab chiqaruvchilar ish joyini ergonomika nuqtai nazaridan baholashlari va keraksiz harakatlar miqdorini kamaytirish uchun tartib yoki jihozlarga o’zgartirishlar kiritishlari kerak bo’ladi. Buning ustiga, tejamkor ishlab chiqarishning (lean manufacturing) 5S instrumentidan foydalanish mumkin.
Xom ashyo, mahsulot va uskunalarni saqlash
Bu turdagi yo’qotishlarga xom ashyo, ishlov berilayotgan va tayyor mahsulotlar va asbob-uskunalarning ortiqcha yoki keraksiz zahiralarini saqlash kiradi. Yaxshi sotilmayotgan mahsulotlarni katta miqdorda omborida saqlayotgan kompaniya bunga misol bo’lishi mumkin. Natijada ushbu ortiqcha zahiralar qimmatli kapital va kompaniya resurslarni band qiladi va ularni eskirish xavfini oshiradi (misol uchun, elektronika mollari o’z qiymatini juda tez yo’qotadi). Saqlash turdagi yo’qotishlarni kamaytirish uchun kompaniya o’zining savdo-sotiq ma’lumotlarini tahlil qilib ishlab chiqarish jadvalini bozordagi haqiqiy talabga moslashtirishi, qo’lidagi zahira miqdorini kamaytirishi va bu orqali kapitalni boshqa maqsadlar uchun bo’shatishi maqsadga muvofiq bo’ladi.
Ortiqcha ishlab chiqarish
Iste’molchi talabiga nisbatan ko’proq mahsulot ishlab chiqarish o’z o’rnida boshqa yo’qotishlarga ham sabab bo’ladi. Misol uchun, ko’proq hajmda mahsulotlar ishlab chiqarilsa, sotilmay qolganlari tufayli ishlab chiqarish va saqlash xarajatlari oshadi. Buni oldini olish uchun, yuqorida ta’kidlanganidek, ishlab chiqaruvchilar o’zlarining savdo-sotiq ma’lumotlarini tahlil qilib ishlab chiqarish jadvalini bozordagi haqiqiy talabga moslashtirishlari va qo’llaridagi zahira miqdorini kamaytirishlari kerak boladi.
Me’yoridan ortiq ishlov berish
Bu turdagi yo’qotishlarga ishlab chiqarish jarayonidagi har qanday me’yoridan ortiq ishlov berish va boshqa keraksiz bo’lgan bosqichlar kiradi. Bunga misol qilib keragidan ko’proq resurslardan foydalanadigan yoki mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgandan ko’ra ko’proq ishlov beradigan kompaniyani keltirish mumkin. Buning natijasida, ishlab chiqarish xarajatlari oshadi va mahsulot yetkazib berish muddati ham uzayadi. Ushbu yo’qotishlarni kamaytirish uchun jarayonlarni tahlil qilish va yakuniy mahsulotga qiymat qo’shmaydigan har qanday bosqich va qadamlarni olib tashlash kerak bo’ladi. Shunda ham sog’liqni saqlash, oziq-ovqat va moliyaviy xizmatlari kabi tartibga solinadigan sanoat sohalarida mahsulotlarni inspektsiya qilish, sertifikatlashtirish yoki hujjatlashtirish qadamlarini ko’pincha yo’qotib bo’lmaydi.
Foydalanilmagan bilim, ko’nikma va iste’dod
Ish jarayonida xodimlarning bilim-tajribalaridan to’liq foydalanmaslik va ularga o’z potentsiallarini rivojlantirishga imkoniyatlar yaratmaslik jamoada motivatsiyaning yetishmasligiga va mehnat unumdorligini pasayishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ularni o’qitish va rivojlantirish dasturlariga sarmoya kiritish, o’zaro treninglarni rag’batlantirish va xodimlarga yangi vazifalar va mas’uliyatlarni o’z zimmalariga olishlari uchun imkoniyatlar yaratish muhim hisoblanadi.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, ushbu yo’qotish turlarini aniqlash va kamaytirish orqali mijozlar ehtiyojini qondirish, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish, va shu bilan birga, yuqori mehnat samaradorligiga va moliyaviy muvaffaqiyatga erishish mumkin.