Ishlab chiqarish sohasidagi asosiy ilmiy qonunlar

Ishlab chiqarish jarayonlari bir qator ilmiy qonunlar bilan tartibga solinadi. Sanoat va operatsion muhandisligi bo’yicha amerikalik professorlar Wallace J. Hopp va Mark L. Spearman tomonidan yozilgan “Zavod Fizikasi” (Factory Physics) nomli kitobda ishlab chiqarishdagi bir nechta fundamental bog’liqliklarni aniqlab, ularni matematik jihatdan isbotlaganlar. Ishlab chiqaruvchilar ushbu berilgan qonunlar va analitik formulalar yordamida o’zlarining ishlab chiqarish tizimlarini diagnostika qilishlari va samaradorlik, tsikl vaqti, mahsulot sifati, mijozlar ehtiyojini qondirish kabi mavzularda katta takomillashtirishlarni amalga oshirishlari mumkin.
Quyida ishlab chiqarishda eng muhim bo’lgan qonunlar qisqacha keltiriladi:
Litl qonuni
Tugallanmagan mahsulot miqdori = Bir dona mahsulotni yetkazib berish vaqti (buyurtma tushgandan to tayyor mahsulotga aylanguncha bo’lgan vaqt) x Unumdorlik (vaqt birligida ishlab chiqariladigan mahsulotlar soni).
Xuddi shu formulani ingliz tilidagi darsliklarda “Work in Progress (WIP)= Cycle Time (CT) x Throughput (TH)” ko’rinishida uchratish mumkin.
Agar korxonada unumdorlik haftasiga 100 dona mahsulot bo’lsa, ularni har birini ishlab chiqarishga 2 hafta ketsa, unda ishlab chiqarish jarayonidagi tugallanmagan mahsulotlarni umumiy miqdori 200 ga teng bo’ladi.
Unumdorlik va mahsulot yetkazib berish vaqt birligi bir xil bo’lishi shart.
Yana bir misol, eshik ishlab chiqarish jarayoni 5 ta soddalashtirilgan qadamdan iborat bo’lsin: yog’ochni kesish (1), so’ng taxta bo’laklarini yopishtirish (2), yarim tayyor mahsulotni bo’yoqlash (3), uni quritish (4) va karton korobkaga qadoqlash (5).
WIP = CTxTH
Birinchi qadamda uskuna soatiga 60 ta detal ishlab chiqarsin, ikkinchi qadam boshlanguncha har bir detal 15 daqiqadan kutishi kerak bo’lsin. Unda shu ikki qadamlar orasidagi detallarning umumiy miqdori WIP=(60/60)x15=15 taga teng bo’ladi. Bu ma’lumotni, masalan, oradagi saqlash maydonini (bufer zonasini) hisoblashda qo’llash mumkin. Agar har bir korobkaga 5 tadan detal sig’sa, unda bizga 3 ta korobka kerak bo’ladi.
CT = WIP/TH
Bo’yoqlash uskunasini oldida o’rtacha 40 ta detal turishini aniqladik deylik. Taxta bo’laklarini yopishtirish qadamidan har 2 minutda yana bitta detal yetib kelishini hisobga olsak, unda bo’yoqlashdan oldin har bir detalni kutish vaqti o’rtacha 20 daqiqaga teng bo’ladi (CT=WIP/TH=40/2=20).
TH = WIP/CT
Bizga ma’lumki, tsehda 360 ta hom-ashyoli korobkalar mavjud va har bir korobkada 5 tadan detal bor. Ishlab chiqarish tsikli kuniga 3 ta smenadan iborat bo’lsa, unda har bir smenaning kunlik ishlab chiqarish samaradorligi 600 ta detal ekanini aniqlash mumkin (TH=WIP/CT=(360x5)/3= 600).
Quvvat haqidagi qonun
Barqaror holatda, zavodning o’rtacha mahsulot ishlab chiqarish unumdorligi uning o’rtacha ishlab chiqarish quvvatidan qat’iy ravishda kam bo’ladi. Masalan, poyabzal ishlab chiqaradigan zavod kuniga 1000 ta juft ishlab chiqarish quvvatiga ega, ammo kutilmagan holatlar tufayli kuniga faqat 800 juft ishlab chiqaradi. Boshqacha qilib aytganda, zavodning ishlab chiqarish unumdorligi uning o’rtacha kunlik quvvatidan 20% kamroq ekanligiga guvoh bo’lishimiz mumkin.
Zaxiralar haqidagi qonun
Cheklanmagan tizimda xom ashyo va anjom zaxiralari tinimsiz oshib boradi. Bu qonunga ham bir misolni ko’rib chiqaylik. Kiyim-kechak sotuvchi do’kon yaqinlashib kelayotgan bayram mavsumiga tayyorgarlik ko’rmoqda. Shu sababli u kiyim-kechaklarning katta tanloviga ega bo’lishni xohlaydi. Yetarli mahsulot inventarga (zaxirasiga) ega bo’lishni ta’minlash uchun do’kon egasi o’zining yetkazib beruvchilariga bir necha oy oldin katta miqdorda kiyim-kechak buyurtma qiladi. Biroq, dam olish mavsumi yaqinlashganda, sotuvchi buyurtma qilingan kiyimlarning bir qismi kutilgandek sotilmasligini tushunadi. Sotilmagan kiyimlar do’konning orqa xonasida to’planib borib qimmatli joyni egallashni boshlaydilar. Buni ustiga, kiyim-kechak mollariga sarflangan mablag’ ham “muzlab” qoladi. Cheklanmagan tizimda inventar (zaxiralar) tinimsiz oshib borishini ushbu misolda ko’rib turibmiz. Bunday vaziyatni oldini olish uchun do’kon egasi buyurtma berayotganda aniqroq kiyim miqdorini ta’minlashga yordam beradigan oldindan prognoz (bashorat) qilish va mahsulot zahiralarini samarali boshqarish usullaridan foydalanishi mumkin edi.
Jarayonning “tor joylari” haqidagi qonun
Tizimda ashyo va anjomlarni to’planib qolishi ishlab chiqarishning tor joyi yoki cheklovi mavjudligiga doim ham ishora qilavermaydi. Ruschada bu tushuncha “узкое место” deb ataladi. Misol uchun, butilkalarga sharbat quyish zavodida bir nechta ishlab chiqarish liniyalari mavjud. Ularning ichida butilkalarga sharbat quyadigan bitta liniya nisbatan eng sekin ishlashi aniqlanadi. Bu yuqorida ta’kidlangan ishlab chiqarish jarayonlarining “tor joyi” bo’lib, u zavodning umumiy ishlab chiqarish hajmini cheklaydi. Agar bozorda ushbu sharbat mahsulotlariga talab katta bo’lsa, sotuv hajmini va daromadni oshirish uchun ishlab chiqaruvchi kompaniya ushbu “tor joy” cheklovini bartaraf etish yo’llarini topishi kerak bo’ladi.
O’zgaruvchanlik haqidagi qonun
O’zgaruvchanliklarning oshishi ishlab chiqarish tizimining unumdorligini har doim pasaytiradi. O’zgaruvchanlikka detalni o’lchov parametrlaridagi (uzunlik, o’girlik, diametri va hokazo) o’zgaruvchanlik yoki ishlab chiqarish jarayonidagi o’zgaruvchanliklarni (har xil xom ashyo yetkazib beruvchi komponentlarini ishlatish, biror qadamda har xil uskunalarni yoki ishchilarni ishlatish) misol qilib berish mumkin. Bu o’zgaruvchanliklar xatolarning ko’payishiga, ko’proq qayta ishlashga olib keladi va natijada ishlab chiqarish tizimining samaradorligini pasaytiradi.
Bog’liqlik haqidagi qonun
Mahsulot buyurtmalari ishlab chiqarish liniyasiga qo’yilishi ularning tugatilishidan mustaqil bo’lganda, liniyaning boshidagi o’zgaruvchanlik liniyaning oxiridagi xuddi shunday o’zgaruvchanlikka nisbatan mahsulotni yetkazib berish (tsikl) vaqtini ko’proq oshiradi. Ya’ni ishlab chiqarishning birinchi boshqichlaridagi o’zgaruvchanliklarga ko’proq e’tibor berish va ularni bartaraf etish muhimroq bo’ladi.
Materiallarining saqlanishi haqidagi qonun
Barqaror tizimda, uzoq muddat davomi olinganda, materiallarni tizimdan chiqib ketish tezligi shu tizimga kirish tezligiga teng bo’ladi.
Foydalanish ko’rsatkichi haqidagi qonun
Agar ish stantsiyasida hech qanday boshqa o’zgarish qilmasdan foydalanish ko’rsatkichi oshirilsa (masalan, 80% dan 95% gacha), o’rtacha tugallanmagan mahsulot miqdori (WIP) va uni yetkazib berish vaqti (lead time) ko’pincha eksponetsial tarzda oshadi. Bunga bir misol: iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi tseh boshqa hech qanday o’zgarishlar kiritmasdan, o’z ishlab chiqarish uskunalaridan maksimal nagruzka bilan foydalanishni boshlaydi. Buning natijasida, tayyor mahsulot yetkazib berish muddati va tugallanmagan mahsulot miqdori chiziqli bo’lmagan tarzda juda tez oshib ketadi.
Mahsulot partiyasi haqidagi qonun
Mahsulotni ko’chirish vaqtini hisobga olmagan holda, uni ishlab chiqarish liniyasining biror segmentiga tegishli tsikl vaqti o’sha segmentdagi mahsulot partiyasining hajmiga taxminan proportsional bo’ladi. Masalan, avtomobil ishlab chiqarish zavodida yig’ish liniyasi har bir ishchi muayyan vazifani bajaradigan tarzda ishlab chiqilgan. Agar har bir ishchi ma’lum bir komponentni o’rnatish uchun mas’ul bo’lsa, bir kunda zarur bo’ladigan komponentlar ishchiga bir vaqtning o’zida emas, balki kichikroq partiyalarda yetkazib berilishi samaraliroq bo’ladi. Bu ishchining turli vazifalar o’rtasidagi vazifani o’zgartirish vaqtini qisqartiradi va umumiy samaradorlikni oshiradi.
O’zgaruvchanlik bufferi haqidagi qonuni
Ishlab chiqarish tizimidagi o’zgaruvchanliklardan xom ashyo yoki tayyor mahsulot zaxiralari, ishlab chiqarish quvvati yoki qo’shimcha vaqtdan tashkil topgan kombinatsiyali usullar bilan himoyalanish mumkin. Kundalik hayotimizdan bir misol keltirsak, supermarketlarga non yetkazib beruvchi novvoyxona bozordagi talabning o’zgarishiga tez moslashishi kerak. Ayrim kunlarda nonga talab boshqa kunlarga qaraganda ancha yuqori bo’lishi mumkin. Ushbu o’zgaruvchanlikni yengish uchun novvoyxona qo’shimcha non zaxirasini ushlashi mumkin, shunda u har qanday kutilmagan talabni tezda qondira oladi. Shu bilan bir qatorda, ko’proq ishchilarni yollash yoki yangi uskunalarga sarmoya kiritish orqali non ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirish ham mumkin. Bunday usullar novvoyxonaga talab o‘zgarishlariga tez javob berish va mijoz talablarini o’z vaqtida qondirish imkonini beradi.
Yuqorida keltirilgan qonun va tamoyillarnilarni tushunish ishlab chiqarish sohasidagilarga, jumladan, mutaxassislarga, muhandislarga va menejerlarga ongli ravishda ilmga asoslangan to’gri qarorlar qabul qilishga, ishlab chiqarish jarayonlaridagi muammolarning yechimlarini tez aniqlashga va umuman ishlab chiqarish tizimini doimiy takomillashtirishga yordam beradi.