Rezyume (CV) tuzish, uning turlari va namunasi

Rezyume ish qidiruvchilar uchun muhim vositalardan biridir. Chunki u potentsial ish beruvchilarga sizning ish tajribangiz, ma’lumotingiz va kasbiy ko’nikmalaringiz haqida qisqacha ma’lumot beradi. Shu bilan bir qatorda, rezyume sizning yutuqlaringiz va malakalaringizni namoyish qilish va nima uchun e’lon qilingan ish joyiga eng munosib ekanligizni ko’rsatish uchun yana bir imkoniyatdir. Ammo har hil turdagi rezyumerlar mavjud bo’lgani sababli, boshida qayerdan boshlash sizga qiyin tuyulishi mumkin. Ushbu maqolada rezyumerlar haqida umumiy ma’lumotlar va qolgan raqobatchi nomzodlardan ajralib turishingizga yordam beradigan foydali maslahatlar beriladi.

Rezyume - bu shaxsning ish tajribasi, ma’lumoti, malakasi va aloqa ma’lumotlarini o’z ichiga olgan qisqacha hujjatdir. U ba’zan “resume” yoki “CV” (curriculum vitae) deb ham ataladi. Rezyume ko’pincha yangi ish qidirishda ishga qabul qiluvchi bilan suhbat (intervyu) uchun taklif olish maqsadida ishlatiladi.

Rezyumedagi ma’lumotlar aniq, tushunarli va ixcham bo’lishi kerak. Odatda rezyume 1-2 sahifadan oshmasligi tavsiya etiladi. Akademik sohalarda esa ko’pincha CV ishlatiladi va uning hajmi rezyumega qaraganda ancha uzunroq bo’lishi mumkin.

Rezyumeni tuzishda odatda quyidagi bo’limlar mavjud bo’lishi tavsiya etiladi:

  • Shaxsiy ma’lumotlar: ism-familiya, yashash manzili, e-mail va telefon raqami
  • Ta’lim: o’qigan ta’lim muassasalari, mutaxassislik va darajalar
  • Ish tajribasi: avvalgi ish joylari, lavozimlar, majburiyatlar va yutuqlar
  • Kasbiy ko’nikmalar: lavozim uchun mos keladigan bilim va ko’nikmalar
  • Qo’shimcha ma’lumotlar: sertifikatlar, mukofotlar, ilmiy ishlar va hokazo

Shunday qilib, rezyume sizning kasbiy faoliyatingiz haqidagi muhim ma’lumotlarni ixcham shaklda taqdim etishga yordam beradi va ishga joylashish jarayonida muhim rol o’ynaydi.

Ma'lumot

Rezyumelar haqida qiziqarli faktlar:

  • “Resume” so’zining birinchi ma’lum qo’llanilishi XVI asrga to’g’ri keladi va frantsuzcha “resumer” so’zidan olingan bo’lib, “jamlash” degan ma’noni anglatadi.
  • O’rtacha ish beruvchi rezyumeni ko’rib chiqish uchun atigi olti soniya vaqt sarflaydi.
  • O’rtacha rezyumeni ishga qabul qiluvchi menejerga yetguncha uch-besh kishi o’qiydi.

Bir nechta rezyume turlari mavjud, qaysi ma’lumotlarni urg’ulash muhimligidan kelib chiqqan holda o’zingizga mos keladiganini qo’llashingiz mumkin. Quyida ba’zi keng qo’llaniladigan turlarini keltiriladi:

1. Xronologik rezyume: Ushbu turdagi rezyumeda sizning ish tajribangiz va ma’lumotingiz haqidagi ma’lumotlar xronologik tarzda, ya’ni eng so’nggi ish joyingizdan boshlab, eng birinchisigacha sanab o’tiladi. Agar sizda uzoq yillik ish tajribasi bo’lib, karyerangizdagi barqaror o’sishni urg’ulamoqchi bo’lsangiz, ushbu format ayni muddao. Xronologik rezyume ko’pincha an’anaviy yondashuv bo’lib, ish beruvchilar orasida keng tarqalgan va tushunarlidir.

2. Funktstional rezyume: Ushbu turdagi rezyumeda asosiy e’tibor sizning kasbiy ko’nikmalaringiz va yutuqlaringizga qaratiladi, ish tajribangiz esa ikkinchi darajali hisoblanadi. Agar ish tarixingizda uzilishlar mavjud bo’lsa yoki ma’lum bir kasbiy ko’nikmalaringizni urg’ulamoqchi bo’lsangiz, ushbu formatdan foydalanish maqsadga muvofiq. Funktsional rezyume sizning qobiliyatlaringizni va potentsialingizni ko’rsatishga yordam beradi, ammo ba’zi ish beruvchilar uchun sizning aniq ish tajribangizni tushunish qiyin bo’lishi mumkin.

3. Kombinatsiyalangan rezyume: Ushbu turdagi rezyume xronologik va funktsional rezyumening xususiyatlarini o’zida mujassam etadi. Bunda sizning ish tajribangiz va ma’lumotingiz xronologik tarzda sanab o’tiladi, shuningdek, alohida bo’limda kasbiy ko’nikmalaringiz va yutuqlaringiz ham ta’kidlab o’tiladi. Kombinatsiyalangan rezyume sizga o’z tajribangizni ham, ko’nikmalaringizni ham urg’ulash imkonini beradi va ko’pchilik ish beruvchilar uchun tushunarli formatdir.

4. Maqsadlangan rezyume: Ushbu turdagi rezyume muayyan ish joyiga moslashtirilgan bo’ladi. Unda faqatgina shu lavozim uchun mos keladigan kasbiy ko’nikmalaringiz va tajribalaringiz urg’ulanadi hamda o’tmishda ushbu ko’nikmalardan qanday foydalanganingizning aniq misollari keltiriladi. Maqsadli rezyume sizning shu ish uchun qanchalik mos ekanligingizni ko’rsatishga yordam beradi, ammo har bir ariza uchun rezyumeni qayta ko’rib chiqish va moslashtirishni talab qiladi.

Samarali rezyume tuzish uchun quyidagi bosqichlarni amalga oshirish tavsiya etiladi:

  1. Ma’lumotlarni to’plash: rezyumega kiritish uchun barcha kerakli ma’lumotlarni, jumladan, ish tajribasi, ma’lumoti, kasbiy ko’nikmalari va yutuqlaringizni to’plang.

  2. Tarkibini tuzish: rezyumening tarkibiy qismlarini belgilang va ularni mantiqiy ketma-ketlikda joylashtiring. Odatda, rezyume shaxsiy ma’lumotlar, ish tajribasi, ma’lumoti, kasbiy ko’nikmalar va qo’shimcha ma’lumotlar kabi bo’limlarni o’z ichiga oladi.

  3. Tahrirlash: rezyumeni yozib bo’lgach, uni diqqat bilan o’qib chiqing va imlo, grammatik va uslubiy xatolarni tuzating. Shuningdek, rezyumeni ixcham va o’qish oson bo’lishiga e’tibor bering.

  4. Moslash: rezyumeni muayyan ish joyiga moslashtiring. Buning uchun ish tavsifidan foydalanib, aynan shu lavozim uchun muhim bo’lgan kasbiy ko’nikmalar va tajribalaringizni urg’ulang.

Rezyume quyidagi asosiy bo’limlarni o’z ichiga oladi:

  • Shaxsiy ma’lumotlar: ism-familiyangiz, aloqa ma’lumotlaringiz (telefon raqami, elektron pochta manzili) va yashash manzilingiz (shahar nomi).
  • Ish tajribasi: avvalgi ish joylaringiz, lavozimlaringiz, ishlagan davringiz va asosiy majburiyatlaringiz hamda erishgan yutuqlaringiz.
  • Ma’lumoti: o’qigan o’quv muassasalaringiz, mutaxassisligingiz va olingan darajangiz (bakalavr, magistr va hokazo).
  • Kasbiy ko’nikmalar: lavozim uchun mos keladigan kasbiy ko’nikmalaringiz va bilimlaringiz.
  • Qo’shimcha ma’lumotlar: chet tillarini bilish darajangiz, kompyuter savodxonligingiz, sertifikatlar, mukofotlar va hokazo.

Rezyume tuzishda quyidagi standart bo’limlar ketma-ketligidan foydalanish mumkin:

  • Aloqa ma’lumotlari: Bu sizning ismingiz, telefon raqamingiz va elektron pochta manzilingizni o’z ichiga olishi kerak.
  • Karyerangiz haqida qisqacha ma’lumot (ihtiyoriy): bu bo’lim ro’yxat shaklida (bullet points) yoki bir abzats matn shaklida berilishi, unda sizning kasbingiz va yangi ishga mos keladigan ko’nikmalar va tajribalaringiz haqida ma’lumot berishingiz mumkin. Masalan, “16-yillik bir nechta sanoat tashkilotlarida audit sohasida mehnat tajribasiga ega bo’lgan hisobchi, Westminster Universitetida “Biznes boshqaruvi” magistr programmasini bitirgan, ACCA xalqaro sertifikatiga ega.”
  • Ish tajribasi: bu bo’limda oldingi ish joyingizni oxirgi lavozimingizdan boshlab teskari xronologik tartibda sanab o’tish kerak. Ish beruvchilarning nomlari, lavozimlar va ishlagan muddat sanalari kiritiladi. Agar uzoq yillar ishlagan bo’lsangiz, odatda ohirgi 5-10 yilni qamrovchi mehnat tafsilotlari ko’rsatiladi.
  • O’qish joylari: bu bo’limda olingan ta’lim, jumladan, muassasa nomi, olgan ilmiy darajangiz va soha yo’nalishi va o’qish muddati sanalari beriladi. Agar yaqinda karyerangizni boshlagan bo’lsangiz, unda rezyumedagi ta’lim bo’limi ish tajribasi bo’limidan oldin kelishi tavsiya qilinadi.
  • Kasbiy ko’nikmalar va sertifikatlar: bu bo’limda yangi ishga mos bo’lgan ko’nikmalar va prefessional sertifikatlarni ko’rsatish mumkin. Masalan, chet tillari, kompyuterda dasturlash tillari, haydovchilik guvohnomasi va hokazo.
  • Shaxsiy ma’lumotlar: tug’ilgan yil, yashash manzili (shahar nomi), oilaviy ahvol, viza statusi kabi ma’lumotlar ko’rsatiladi. Agar rasm so’ralmagan bo’lsa, uni qo’shish shart emas. Muayyan tajribangiz va murojaat etayotgan ishingizga qarab, boshqa bo’limlarni, masalan, volontyorlik mehnati, kasbiy assotsiatsiyalar, mukoforlar va unvonlar, ilmiy maqolalar, qiziqish va hobbilar bo’yicha bo’limlarni qo’shish ham mumkin. Ammo ular ishga bevosita aloqador bo’lmasa, ularni qo’shmaslik kerak.

Effektiv rezyume yaratish uchun ba’zi foydali maslahatlar:

  • Rezyumeni topshirilayotgan ish yoki sohaga moslashtiring. Ya’ni, yangi ish uchun eng mos bo’lgan kasbiy ko’nikmalar va tajribalarni ko’rsatilishi kerak. Imkon bo’lsa, har bir topshiralayotgan ishga rezyumeni moslash kerak. Qaysi tajriba va ko’nikmalarni urg’ulash kerakligini aniqlash uchun ish e’lonidan qo’llanma sifatida foydalansangiz bo’ladi.
  • Aniq va ixcham formatdan foydalaning. Rezyumeni o’qigan odamga uni o’qish va undan foydalanish oson bo’lishi kerak. Tajribangiz va ko’nikmalaringizni ko’rsatish uchun nuqtali yangi qatorlardan (ingl. tilida “bullet points”) va qisqa iboralardan foydalaning. Shu bilan birga, rezyumeingizga keraksiz yoki ahamiyatsiz ma’lumotlarni kiritmang.
  • Harakat fe’llaridan foydalaning. Lavozim mas’uliyatlari va natijalarini ko’rsatish uchun aktiv fe’llarni qo’llash muhim hisoblanadi. Masalan, “Men jamoani boshqarish uchun mas’ul edim” deyish o’rniga, “12 ta xodimdan iborat jamoani boshqardim” deb ifodalash mumkin.
  • Natija va yutuqlaringizni urg’ulash uchun raqamlardan foydalaning. Ishingizning ta’sirini ko’rsatish uchun iloji boricha raqamlardan foydalaning. Masalan, “Mening loyiham orqali defekt mahsulotlar kamaytirildi” deyish o’rniga, “Mening loyiham orqali defekt mahsulotlar 5% ga kamaytirildi” deb aytish mumkin.
  • Imlo va grammatik xatolar yo’qligiga ishonch hosil qiling. Sizning rezyumeingizni boshqa odam ko’rib chiqishi ham yaxshi fikr. Qisqartma so’zlardan (abreviatura) iloji boricha kamroq ishlatilgani ma’qul.
  • Professional elektron pochta manzilidan foydalaning.kulchanon@mail.ru” kabi shaxsiy elektron pochta manzillaridan foydalanish o’rniga, rezyumega “k.azimov@gmail.com” yoki “kozim.azimov@gmail.com” kabi ismingizni o’z ichiga olgan professionalroq elektron pochta manzilidan foydalanishni tavsiya qilinadi.
  • Professional shriftdan foydalaning. Arial, Calibri yoki Times New Roman kabi o’qish oson va professional shriftni tanlang. Chiroyli yoki dekorativ shriftlardan saqlaning, chunki ish beruvchiga ularni o’qish qiyin va professional ko’rinmasligi mumkin.
  • Rezyumeni bitta sahifada saqlang. Umuman olganda, rezyumeni bitta sahifada saqlash tavsiya qilinadi. Ayniqsa, agar siz karyerangizni endigina boshlayotgan bo’lsangiz. Agar sizda uzoq yillik ish tajribasi bo’lsa, unda ikki sahifali rezyumedan foydalanishingiz kerak bo’lishi mumkin.

Ishga bevosita aloqador bo’lmagan shaxsiy ma’lumotlar rezyumega qo’shilmaydi. Quyida ba’zi misollar beriladi:

  • Aniq turar joy adresi, tug’ilgan sanasi va ish bilan bevosita bog’liq bo’lmagan boshqa shaxsiy ma’lumotlar. Lekin turar shahri va tug’ilgan yilni o’zini bildirish uchun ko’rsatish mumkin.
  • Sog’lig’i haqida ma’lumotlar. Agar sog’liqni ishga ta’sir bo’lsa, buni ish suhbati davomida bildirish mumkin.
  • Ish maoshi tarixi. Hozirgi yoki oldingi lavozimdagi maosh keyingi yangi lavozimga aloqasi yo’q. Sababi, xuddi shu ishga boshqa shahar yoki kompaniyada boshqa maosh bo’lishi mumkin. Ish beruvchilar nomzodlarni kalibrovka qilish yoki ish o’rniga ajratilgan byudjetga mos kelishini tekshirish uchun birinchi suhbat davomida nomzodlardan so’rashlari mumkin. Yoki nomzod o’zi qidirayotgan ish maosh diapazoniga mos kelishini bilishi uchun birinchi suhbatda so’rab aniqlashi mumkin. Chunki ikkala tarafdan ancha vaqt, mablag’ va kuch ketkazib bir nechta suhbatlardan keyin nomzod keyinroq ish maoshi kutilgandan boshqaligini bilib qolsa yoki boshqa sababli ish taklifini rad qilib qolsa, bu ikkala tarafga ham yoqmaydi.
  • Yolg’on yoki mubolag’alar: rezyumeda berilgan ma’lumotlar rost va aniq bo’lishi juda muhim, chunki har qanday yolg’on ma’lumot ishga qabul qilish jarayonida yoki keyinroq topilishi va sizning obro’yingizga putur yetkazishi, va hatto ishni yo’qotilishiga ham olib kelishi mumkin.
  • Noo’rin rasm yoki grafik tasvirlar: rezyume professional bo’lishi va faqat sizning malakangiz va tajribangizga e’tibor qaratishi kerak. Ahamiyatsiz yoki professional bo’lmagan har qanday rasm yoki grafik tasvirlar nomzod ko’rsatmoqchi bo’lgan yaxshi taassurotni buzishi va ishga kirish imkoniyatiga putur yetkazishi mumkin.
  • Ishga aloqasi bo’lmagan shaxsiy qiziqishlar yoki sevimli mashg’ulotlar.

Rezyumeni elektron tarzda yuborishda quyidagi qoidalarga amal qilish kerak:

  • Mavzuni aniq yozing: e-mail mavzusida lavozim nomini va o’zingizning ism-familiyangizni ko’rsating. Masalan, “Marketing menejeri lavozimi uchun rezyume - Alisher Usmonov”.
  • Murojaat xatini yozing: e-mailning asosiy qismida qisqacha murojaat xatini yozing. Unda qaysi lavozimga murojaat qilayotganingizni va nima uchun aynan siz ushbu lavozimga mos kelishingizni tushuntiring.
  • Rezyumeni biriktiring: rezyumeni e-mailga biriktiring (attachment). Fayl nomida o’zingizning ism-familiyangizni va “rezyume” so’zini ko’rsating. Masalan, “Alisher_Usmonov_rezyume.pdf”.
  • Tekshirib oling: e-mailni yuborishdan avval uni diqqat bilan o’qib chiqing va barcha xatolarni tuzating. Shuningdek, rezyumening to’g’ri faylini biriktirganingizga ishonch hosil qiling.

Xulosa o’rniga shuni aytish mumkinki, rezyume sizning kasbiy “vizit kartangiz” bo’lib, uni tuzishda mazkur maslahatlarni inobatga olsangiz, ish topishda katta yordam beradi. Biroq, yodda tutingki, rezyume intervyuga taklif qilinishingiz uchun faqatgina birinchi qadamdir. Intervyuning o’zida esa o’zingizning layoqatli va munosib nomzod ekanligingizni isbotlab, ish beruvchini ishontirishingiz talab etiladi.

Telegram kanal
Agar ushbu maqola sizga foydali bo’lgan bo’lsa, uni hamkasblaringiz va do’stlaringiz bilan ulashing. Tejamkor ishlab chiqarish, loyiha boshqaruvi, ta’minot zanjirlari, samaradorlik va shaxsiy rivojlanish mavzularida ko’proq ma’lumot olish uchun bizning “Microblog” Telegram kanalimizga a’zo bo’ling.

Rezyume namunalari Internetda juda ko’p, ularni Google orqali qidirib topish mumkin. Masalan, Microsoftni katalogidan inglizchada yoki ruschada o’zingizga yoqqan dizaynni tanlab yuklab olsangiz bo’ladi.

Ta'minot zanjiri sohasidan rezyume namunasi (ko'rish uchun ushbu matnni bosing)

Bekzod Yusupov

Manzil: Toshkent, O’zbekiston Telefon: (998) 91 234 5678 Elektron pochta: bekzod.yusupov@email.com

Ish tajribasi:

Ta’minot zanjiri menejeri AgroBiznes kompaniyasi, Toshkent, O’zbekiston 2014 yil mart - hozirgi kun

  • Yetkazib beruvchilar bilan samarali muzokaralar olib borish va boshqarish orqali xarid xarajatlari 15 foizga kamaytirildi.
  • Yangi logistika jarayonlarini joriy etish va tashuvchilar va yetkazib beruvchilar bilan yaqin hamkorlik qilish orqali yetkazib berish ishonchliligi 25 foizga yaxshilandi.
  • Ta’minot zanjiri bo’yicha 10 nafar mutaxassislardan iborat jamoani boshqarganman, ish samaradorligi va ishdan qoniqishni oshirish uchun ularga murabbiylik qilganman.

Xarid bo’yicha mutaxassis Green Petroleum kompaniyasi, Toshkent, O’zbekiston 2010 yil iyul - 2014 yil fevral

  • Yirik neft-gaz kompaniyasi uchun xom ashyo, asbob-uskunalar va xizmatlarning ishonchli va tejamkor ta’minotini ta’minlash bo’yicha manbalarni qidirish ishlarini olib borganman.
  • Muntazam monitoring va samaradorlikni boshqarish orqali etkazib beruvchilarning ishlashi 30% ga yaxshilandi.
  • Yangi xarid jarayonlari va tizimlari joriy etildi, natijada samaradorlik va aniqlik 20% yaxshilandi.

Ko’nikmalar:

  • Xarid qilish va manbalarni aniqlash
  • Logistika va transport
  • Inventarizatsiyani boshqarish
  • Yetkazib beruvchilar bilan munosabatlarni boshqarish
  • Shartnoma bo’yicha muzokaralar va boshqaruv
  • Yetakchilik va jamoani boshqarish

Ta’lim:

Biznes boshqaruvi magistri (ta’minot zanjiri boshqaruvi) Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti, O‘zbekiston 2008 yil sentyabr - 2010 yil may

Biznes boshqaruvi bakalavri (logistika) Toshkent Transport va Kommunikatsiyalar Instituti, O‘zbekiston 2004 yil sentyabr - 2008 yil may

Sertifikatlar:

  • Sertifikatlangan ta’minot zanjiri mutaxassisi (CSCP)
  • Sertifikatlangan sotib olish menejeri (CPM)

Til:

  • O’zbek tili (ona til)
  • Rus tili (ravon)
  • Ingliz tili (o’rta)
Yuridik sohasidan rezyume namunasi (ko'rish uchun ushbu matnni bosing)

Dilnoza Hakimova

Manzil: Toshkent, O’zbekiston Telefon: (998) 97 123 4567 Elektron pochta: dilnoza.khakimova@email.com

Ish tajribasi:

Katta yuridik maslahatchi UZ-Legal kompaniyasi, Toshkent, O’zbekiston 2016 yil iyun - hozirgi kun

  • Mijozlarga tijorat huquqining keng doiradagi masalalari, jumladan, shartnomalar bo‘yicha muzokaralar olib borish, nizolarni hal etish va me’yoriy hujjatlarga rioya qilish bo‘yicha yuridik maslahat va ko‘rsatmalar berganman.
  • Tijorat nizolarining 90% samarali muzokaralar, vositachilik va arbitraj orqali muvaffaqiyatli hal qilindi.
  • Kichik yuristlarga murabbiylik qilganman, ularning huquqiy tadqiqotlari va yozish ko’nikmalarini 30% ga oshirdi.

Yuridik xodim O‘zbekiston Markaziy Banki, Toshkent, O‘zbekiston 2012 yil sentyabr - 2016 yil may

  • Moliyaviy tartibga solish va bank operatsiyalari bilan bog’liq huquqiy masalalar bo’yicha yuqori rahbariyatga maslahatlar berganman.
  • O’zbekiston bank qonunchiligi va qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo’yicha tartiblarni ishlab chiqib, ularni amalga oshirganman.
  • 70% hollarda bank manfaatlarini sud jarayonlarida muvaffaqiyatli himoya qilganman.
  • Huquqiy jarayonlarni tartibga solish va ishlarni bajarish muddatini 25 foizga qisqartirish hisobiga yuridik bo‘lim faoliyati samaradorligi oshirildi.

Ko’nikmalar:

  • Tijorat qonunchiligi va tartibga solish
  • Shartnoma bo’yicha muzokaralar va nizolarni hal qilish
  • Huquqiy tadqiqotlar va yozish
  • Sud protsessida vakillik qilish
  • Mentorlik va trening
  • Muloqot va shaxslararo munosabatlar

Ta’lim:

Qonunlar magistri (tijorat huquqi) Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti, Toshkent, O‘zbekiston 2009 yil sentyabr - 2012 yil may

Huquq fanlari bakalavri Toshkent Davlat Yuridik Instituti, O‘zbekiston 2006 yil sentyabr - 2009 yil may

Sertifikatlar:

  • O‘zbekiston advokatlar assotsiatsiyasi
  • Sertifikatlangan yuridik ijrochi

Til:

  • O’zbek tili (ona til)
  • Rus tili (ravon)
  • Ingliz tili (o’rta)
Moliya sohasidan rezyume namunasi (ko'rish uchun ushbu matnni bosing)

Jahongir Turgunov

Manzil: Samarqand, O’zbekiston Telefon: (998) 91 123 4567 Elektron pochta: feruza.ismailova@email.com

Ish tajribasi:

Moliya direktori Touristic Finance kompaniyasi, Samarqand, O’zbekiston 2018 yil yanvar - hozirgi kun

  • Daromadlarni 15 foizga oshirish va xarajatlarni 10 foizga qisqartirish bo‘yicha kompleks moliyaviy strategiyalar ishlab chiqildi va amalga oshirildi.
  • Yuqori rahbariyat va manfaatdor tomonlarga moliyaviy ko’rsatkichlar bo’yicha maslahatlar va hisobotlar taqdim etildi.
  • Aniqlik va mahalliy normativ hujjatlar va buxgalteriya standartlariga muvofiqligini ta’minlashga moliyaviy hisobotni boshqarilgan.
  • Kichik moliya xodimlarining malaka va bilimlarini oshirish uchun moliyaviy yetakchilik, murabbiylik va treninglar tashkil etilgan.

Moliyaviy tahlilchi KDB Bank, Buxoro, O’zbekiston 2012 yil sentyabr - 2017 yil dekabr

  • Biznes qarorlarini qabul qilishni qo’llab-quvvatlash uchun moliyaviy tahlil, prognozlash va byudjetlashtirishni o’tkazildi.
  • Ma’lumotlarni tahlil qilishda aniqlik va izchillikni ta’minlovchi moliyaviy modellar ishlab chiqildi.
  • Korxona bo’linmalariga moliyaviy ko’rsatkichlarni optimallashtirishga yordam beradigan moliyaviy maslahat va tavsiyalar berdi.
  • Moliyaviy hisobot jarayonlarini takomillashtirish, xatolarni kamaytirish va samaradorlikni 20% ga oshirildi.

Ko’nikmalar:

  • Moliyaviy boshqaruv va tahlil
  • Byudjetlashtirish va prognozlash
  • Moliyaviy hisobot va muvofiqlik
  • Biznes strategiyasini ishlab chiqish
  • Etakchilik va murabbiylik

Ta’lim:

Biznes boshqaruvi magistri (moliya) Toshkent Davlat Milliy Universiteti, Oʻzbekiston 2009 yil sentyabr - 2012 yil may

Biznes boshqaruvi bakalavri (moliya) Samarqand Davlat Universiteti, Oʻzbekiston 2006 yil sentyabr - 2009 yil may

Sertifikatlar:

  • Moliyaviy tahlilchi
  • Sertifikatlangan buxgalter

Til:

  • O’zbek tili (ona til)
  • Rus tili (ravon)
  • Ingliz tili (o’rta)