Boeingning autsorsing strategiyasi va ishlab chiqarishda sifatning o’rni

2024-yil 5-yanvarda Alaska Airlines 1282-reysi bortidagi 171 nafar yo’lovchi triller kinofilmlaridan olingan stsenariyadek voqeaga duch kelishdi. Parvoz boshlanganidan 10 daqiqa o’tmay, yerdan taxminan 5000 km balandlikda uchib ketayotgan Boeing 737 Max 9 samolyotidagi favqulodda qo’llanish uchun mo’ljallangan orqa eshik qopqog’i kutilmaganda fyuzelyajdan uzilib, tashqaridagi ochiq havoga uchib ketdi va samolyot bortida katta teshik hosil bo’ldi. Yo’lovchilarning omadiga, samolyot boshqa muammolarsiz tezda Portland Xalqaro Aeroportiga qo’nishga muvaffaq bo’ldi.

Bir necha kundan so’ng, Boeing aktsiyalarining qiymati birjada 7% (12 milliard dollar) ga tushib ketdi, shu turdagi 170 dan ko’p samolyotning AQSHda uchishi vaqtincha to’xtatildi, ba’zi yo’lovchilar o’z manzillariga yetib bora olishmadi va kompaniya obro’siga jiddiy zarar yetdi. Tekshiruv natijalari qanday bo’lishidan qat’i nazar, Boeing yo’lovchilarning Max oilasiga bo’lgan ishonchini qayta tiklash uchun qattiq kurash olib borishiga to’g’ri keladi.

Samolyotning orqa eshik joylashuvi

Ma'lumot
Amerikaning Boeing 737 Max samolyotlari Evropaning Airbus kompaniyasining A320neo samolyotlar oilasi bilan yoqilg’i tejamkorligi bo’yicha bozorda raqobatlashish uchun yaratilgan. 2023-yil dekabr holatiga ko’ra, 11660 ta Boeing 737 samolyoti sotilgan bo’lib, ulardan 1420 tasi Boeing 737 Max varianti yetkazib berilgan (yana 4783 tasi buyurtmada).

2024-yil yanvaridagi bu voqea Boeingning eng mashhur samolyoti va tijorat samolyotlari biznesidagi eng katta daromad manbai bo’lgan Boeing 737 Max ga yana bir bor hamma e’tiborni qaratdi. Chunki uning kichikroq varianti Boeing 737 Max 8 samolyoti Lion Air va Efiopiya aviakompaniyalarida 2018-yil oktyabr va 2019-yil martdagi ikki aviaxalokatda 346 kishining hayotiga zomin bo’lgan edi. Natijada, bu turdagi samolyotlarning uchishi tijorat aviatsiyasi tarixidagi eng uzoq muddatga - 20 oyga butun dunyo bo’ylab to’xtatib qo’yilgan edi.

Tekshiruvlar samolyot dizayni va dasturiy ta’minotida jiddiy xatolar mavjudligini aniqladi. Samolyotning tumshug’idagi uchish burchagini o’lchash uchun ishlatiladigan sensor faqat bitta bo’lgan. Agar sensor biror sabab bilan ishlamay qolsa (masalan, qushlar bilan to’qnashuv), orqa qanotlarni boshqaruvchi MCAS (Maneuvering Characteristics Augmentation System) tizimiga noto’g’ri ma’lumot kirib borishi mumkin. Agar 10 soniya ichida pilotlar bunga to’g’ri reaktsiya qilishmasa, noto’g’ri sensor ma’lumotlari va yaratilgan dasturiy ta’minot samolyotni yerga qulashiga olib kelishi mumkin edi. Bundan tashqari, yangi samolyotning sotuviga salbiy ta’sir qilmaslik uchun Boeing kompaniyasi 737 Max samolyotini boshqarish uchun pilotlarning qo’shimcha vaqt va xarajatlar talab qiladigan maxsus trenajerda o’qish shart emasligini ta’kidlagan. Pilotlar MCAS tizimining mavjudligi haqida umuman xabardor bo’lmaganlar.

Bir tomondan, Boeing kompaniyasi bozordagi raqobatda ustunlikka erishish va aksiyadorlariga ko’proq daromad keltirish uchun yangi samolyotlarni jahon bozoriga tezroq olib chiqishga majbur bo’lsa-da, boshqa tomondan, bunday yondashuv mahsulot sifatiga qaraganda ishlab chiqarish raqamlariga ko’proq e’tibor qaratishga olib keladi va insonlar hayotini xavf ostiga qo’yadi.

The Seattle Times nashrining ta’kidlashicha, Boeing’ning so’nggi yillardagi tushkunligi 25 yil oldin rahbariyat tomonidan qabul qilingan qarorlar bilan bog’liq. Ular “ishchilarni ezish, aktsiyalar narxini oshirish va moliyaviy ko’rsatkichlarni birinchi o’ringa qo’yish” falsafasini tanladilar. Bu esa “xarajatlarni imkon qadar qisqartirish, ammo buning oqibatlarini to’liq anglamaslik” edi.

Aksiyadorlar manfaatini birinchi o’ringa qo’yish Boeing rahbariyati uzoq yillar davomida aksiyadorlarga dividend to’lash va aksiyalarni qayta sotib olish uchun 68 milliard dollarni sarfladi. Shu bilan birga, kelajakdagi yangi samolyotlarga yetarli sarmoya ajratilmadi.

Shuningdek, Boeing’da ishlab chiqarish menejerlari uchun yillik bonuslar asosan xarajatlar va jadvalga rioya qilishga bog’langan edi. Shu sababli, ishlab chiqarish liniyasini to’xtatish jiddiy xato hisoblangan. Endi esa kompaniya rahbariyati “sifat va xavfsizlik birinchi o’rinda turishi kerak”, deb hisoblamoqda.

Boeingning samolyot yig’ish zavodi

Hozirgi kunda Boeing samolyotlarining taxminan 70 foizi tashqi qismlar yetkazib beruvchilar tomonidan ishlab chiqariladi. Bu strategiya kompaniyaga xarajatlarni kamaytirish, asosiy kompetensiyasi - samolyotlarni yig’ish va integratsiya qilishga e’tibor qaratish hamda tashqi qismlarni yetkazib beruvchilarning bilim va tajribasidan foydalanish imkonini beradi. Ammo bu yondashuv qism yetkazib beruvchilarni Boeingning barcha moliyaviy va texnik shartlariga ko’nishga majbur qiladi. Bu esa moliyaviy xarajatlarni jiddiy qisqartirishga, qism yetkazib beruvchilarning foydasi kamayishiga va mahsulot sifatining pasayishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, Boeing uchun qism yetkazib beruvchilarning ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish imkoniyati ham qiyinlashadi.

Boeing 737 Max 9 samolyotining yerda topilgan orqa eshigi

Maqolani yuqorida tilga olingan samolyotning orqa eshigi qopqog’i bilan bog’liq hodisaga qaytadigan bo’lsak, mutaxassislarning fikricha, bu voqea mahsulot dizaynidagi kamchilik emas, balki ishlab chiqarishdagi nuqsonlar natijasida yuzaga kelgan. Samolyotning fyuzelyajini deyarli 20 yildan beri Kanzas shtatidagi Uichita shahrida joylashgan Spirit AeroSystems kompaniyasi Boeingga yetkazib beradi. Milliy transport xavfsizligi kengashining dastlabki tekshiruvlari uchib ketgan eshikni mahkamlash uchun ishlatiladigan 4 ta asosiy boltning yo’qligini aniqladi. Keyinchalik ma’lum bo’lishicha, samolyot eshigi Boeingning Vashington zavodiga shikastlangan holda yetib kelgan va Spirit AeroSystems jamoasi tomonidan ta’mirlanganda, boltlarni qayta o’rnatishni unutib qo’yishgan. Keyinchalik Alaska Airlines aviakompaniyasi o’zining ko’plab Boeing 737 Max 9 samolyotlarida “bir nechta bo’shab qolgan boltlar” topilganini ma’lum qildi. Bu esa ishlab chiqarish jarayonida sifatni ta’minlash va nazorat qilishga yetarlicha e’tibor berilmaganligini ko’rsatadi. So’nggi xabarlarga ko’ra, Boeing kompaniyasi rahbariyatida o’zgarishlar e’lon qilinib, Bosh direktor Deyv Kalxun 2024 yil oxirida lavozimini tark etadi, u 2020 yil yanvarda Boeing 737 Max 8 samolyotlarining ikki falokatidan keyin kompaniyani inqirozdan chiqarish uchun bosh direktor lavozimiga kelgan edi, ammo 4 yil davomida u kompaniya qiymatini 43 foizga tushirib yubordi, raqib Airbus esa shu davrda 20 foizga o’sdi. Boeing Commercial Airplanes rahbari Sten Dil zudlik bilan ishdan bo’shatildi va yaqin orada kompaniya direktorlar kengashi raisi Larri Kellner ham almashtirilishi ma’lum bo’ldi. Shuningdek, Boeing kompaniyasi Spirit AeroSystems bilan uni to’liq qo’lga kiritish bo’yicha muzokaralar olib bormoqda.

Yakun yasab aytganda, Boeing kompaniyasi autsorsing strategiyasini qo’llash orqali raqobatbardoshlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish imkoniyatiga ega bo’ladi. Ammo bu yondashuv qism yetkazib beruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan qismlar sifatini nazorat qilishni qiyinlashtirishi va potensial xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun, kompaniya qism yetkazib beruvchilar bilan yaqin hamkorlik qilishi, ishlab chiqarish jarayonlarini yaxshilashi va mahsulot sifatini ta’minlash uchun qat’iy nazorat o’rnatishi lozim. Faqatgina shu yo’l bilan Boeing o’z brendiga bo’lgan ishonchni tiklashi, yo’lovchilar xavfsizligini kafolatlashi va aviatsiya sanoatidagi yetakchi o’rnini saqlab qolishi mumkin. Zamon talablari shiddat bilan o’zgarib borayotgan bir paytda, kompaniyalar uzoq muddatli muvaffaqiyatga erishish uchun sifat va xavfsizlikka ustuvor ahamiyat qaratishlari shart.

Telegram kanal
Agar ushbu maqola sizga foydali bo’lgan bo’lsa, uni hamkasblaringiz va do’stlaringiz bilan ulashing. Tejamkor ishlab chiqarish, loyiha boshqaruvi, ta’minot zanjirlari, samaradorlik va shaxsiy rivojlanish mavzularida ko’proq ma’lumot olish uchun bizning “Microblog” Telegram kanalimizga a’zo bo’ling.

O'xshash maqolalar