Kaizen: Doimiy takomillashtirishning kuchi

Kaizen ta’rifi va falsafasi
Kaizen (kayzen) yaponcha atama boʻlib, “yaxshilanish” yoki “yaxshi tomonga oʻzgarish” degan ma’noni anglatadi. Biznes va menejment kontekstida kaizen samaradorlik va unumdorlikni oshirish uchun jarayonlar va tizimlarni bosqichma-bosqich yaxshilashga intiladigan doimiy takomillashtirish falsafasini anglatadi.
Kaydzen birinchi marta Yaponiyada Ikkinchi jahon urushidan keyin mamlakatni qayta qurish va jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirish usuli sifatida joriy etilgan. Keyinchalik Masaaki Imay tomonidan 1986 yilda nashr etilgan “Kaizen: Yaponiyaning raqobatbardosh muvaffaqiyatining kaliti” kitobi orqali G’arbda ommalashgan. O’shandan beri u butun dunyo bo’ylab turli tashkilotlar va kompaniyalar tomonidan samaradorlik, unumdorlik (mahsuldorlik) va mijozlar ehtiyojini qondirishni yaxshilash usuli sifatida qo’llanib kelinadi.
Kaizen g’oyasi mavjud vaziyatdan “hech qachon qanoatlanmaslik” tushunchasiga asoslanadi. U xodimlarni ish jarayonlaridagi isrofgarchiliklarni aniqlashga va ularni bartaraf etishga, mahsulot yoki xizmatlarni yetkazib berish vaqtini qisqartirishga va doimiy takomillashtirish madaniyatini yaratish uchun jarayonlarni tartibga solishga undaydi. Ushbu yondashuv qisqa vaqt ichida katta, keskin o’zgarishlarni amalga oshirishga qaratilgan an’anaviy takomillashtirish tashabbuslaridan farq qiladi.
Kaizenning asosiy afzalliklaridan biri - bu takomillashtirishlarni faqat yuqoridan pastga tayangan holda amalga oshirishni o’rniga, tashkilotning barcha pog’onadagi xodimlarga takomillashtirish yo’nalishlarini jamoada birga aniqlash va ularni amalga oshirishga vakolat beradi.
Kaizen falsafasining yana bir muhim jihati - uning fakt va ishonchli ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishga qaratilganligidir. Kaizen sezgi yoki sub’ektiv fikrlarga tayanishdan ko’ra, takomillashtirishni empirik ma’lumotlar va faktlarga asoslashga intiladi. Bu o’zgarishlar shunchaki taxminlarga asoslangan holda emas, balki tizimli, dalillarga asoslangan tarzda amalga oshirilishini ta’minlashga yordam beradi.
Kompaniyada kaizenni tatbiq etish madaniy o’zgarishlarni, shuningdek, yangi o’zgarishlarni qabul qila olishni va doimiy takomillashtirishga tayyorlikni jamoalardan talab qiladi. U xodimlarning vakolatlarini kengaytirish va ularni takomillashtirish jarayoniga jalb qilish majburiyatini talab qiladi. Shu bilan birga, kaizenni tatbiq qilgan kompaniyalarda samaradorlikni sezilarli darajada oshishini, xarajatlarni kamayishini va mijozlar ehtiyojini yahshiroq qondirilishini kuzatish mumkin.
Kaizen tamoyillari
Kaizen bir nechta asosiy tamoyillarga asoslanadi, jumladan:
- Doimiy takomillashtirish. Kaizen - bu cheksiz takomillashtirish jarayoni va xodimlarni har kuni samaradorlikni yaxshilash yo’llarini izlashga undaydi.
- Hammaning ishtirok etishi. Kaizen - bu pastdan yuqoriga yondashuv, ya’ni takomillashtirish bo’yicha takliflar nafaqat menejmentdan, balki kompaniyadagi har bir xodimdan kelishi mumkin.
- Kichik o’zgarishlarning birlashishi. Kaizen bir nechta katta o’zgarishlarga emas, balki ko’plab kichik takomillashtirishlarga e’tibor qaratadi. Bu esa o’z o’rnida muvaffaqiyatsizlik xavfini kamaytirishga va tezlikni oshirishga yordam beradi.
- Jarayonga e’tibor qaratilishi. Kaizen nafaqat mahsulotlarni takomillashtirish, balki ularni ishlab chiqarishda ishlatiladigan jarayonlarni ham takomillashtirishga harakat qiladi.
Kaizenni amalda qo’llash
Kaizen jarayonlarni takomillashtirish va yaxshi natijalarga erishish uchun hajmi yoki sanoatidan qat’i nazar, har qanday turdagi tashkilotda qo’llanilishi mumkin.
Odatda kaizen tashabbuslarini amalga oshirish uchun to’rt qadamdan iborat bo’lgan Demingni PDCA tsiklidan foydalaniladi: “Rejalashtirmoq (Plan)” -> “Bajarmoq (Do)” -> “Tekshirmoq (Check)” -> “Amal qilmoq (Act)”. Xodimlar jamoasi “kaizen” deb nomlanuvchi tadbirda takomillashtirilishi kerak bo’lgan jarayonlarni aniqlash va qisqa vaqt ichida, odatda bir necha kundan bir haftagacha bir qator o’zgarishlarni amalga oshirish uchun birgalikda ishlashadi. Keyin o’zgarishlar baholanadi va takomillashtiriladi va jarayon sezilarli yaxshilanishlarga erishilgunga qadar takrorlanadi.
- Germaniyaning BMW Group avtomobil ishlab chiqaruvchi korporatsiyasi samaradorlikni oshirish va yo’qotishlarni kamaytirish uchun o’zining ta’minot zanjirini boshqarish jarayonlarida kaizenni joriy qilgan. Natijada xom ashyolarni yetkazib berish muddati va xarajatlar sezilarli darajada kamaygan.
- Janubiy Koreyaning Samsung Electronics kompaniyasi kaizen dasturi orqali o’z mahsulotlari sifatini yaxshilash va yangi mahsulotlarni bozorga chiqarish vaqtini qisqartirishga erisha olgan.
- Amerikaning Procter & Gamble (P&G) iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi o’z faoliyati samaradorligini oshirish va yo’qotishlarni kamaytirish uchun kayzendan foydalangan.
Xulosa qilib aytganda, siz ishdagi takomillashtirish sayohatingizni endi boshlayapsizmi yoki tashkilotingizni keyingi rivojlanish bosqichiga olib chiqmoqchimisiz, kaizen falsafasi o’rganishga arziydigan strategiyadir.